O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev va Jahon banki (JB) hamda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) qo‘shma missiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: ushbu missiya “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida 2023-yil 26-sentabrdan 6-oktabrgacha O‘zbekistonda bo‘ldi.
Missiya davomida JB va OIIB ekspertlari tomonidan loyiha bo‘yicha harakatlar holati tahlil qilindi, viloyat hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari amalga oshiradigan tadbirlar uchun xarid jarayonlarini optimallashtirish, ijtimoiy va ekologik kafolatlarni kompleks tekshirish, shuningdek, loyihani amalga oshirish guruhining monitoring va baholash hamda loyihalarni boshqarish masalalari bo‘yicha salohiyatini mustahkamlash bilan bog‘liq harakatlar amalga oshirildi.
Uchrashuvdan maqsad missiya natijalarini taqdim etish, hududlarda bajarilgan ishlarning vaqti va sifatini tekshirish, loyihani amalga oshirish hamda ikkinchi bosqichga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha keyingi qadamlarni kelishish edi.
Missiya doirasida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining “Porloq” mahallasiga tashrif buyurildi, u yerda 9,6 km uzunlikdagi “Ichki yo‘llarni asfaltlash” subloyiha amalga oshirildi. Shuningdek, “Qishloq ayollarining iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi “Mehrijon” NNT xodimlari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqot davomida tomonlar loyihaning ikkinchi bosqichi, uning tarkibiy qismlari va moliyalashtirish hajmini rivojlantirish maqsadlarini aniqladilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati tomonidan talab qilinadigan loyihani amalga oshirish va tayyorlash chora-tadbirlari, jumladan, texnik-iqtisodiy asoslash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Yakunda tomonlar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini boshlash to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.