Joriy yilning 10-11 aprel kunlari O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi guruhi Namangan viloyatining bir nechta tumanlariga tashrif buyurdi. Loyihani amalga oshirish guruhi loyiha rahbari Z.Urakov boshchiligida suv bilan bog’liq loyihalar va ularni amalga oshirilish jarayonlari bilan tanishdilar. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatdagi mavjud xalqaro investitsiya loyihalari va ularning aholi uchun foydali jihatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, jamoatchilikni loyihaga jalb etishning samarali yo‘llari hamda murojaatlar bilan ishlash usullarini o'rganishdan iborat. Xususan, tashrif davomida loyiha mutaxassislari Namangan viloyati Uychi va Kosonsoy tumanlarida bo‘lib, Shveytsariya rivojlanish va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan “Xalqaro suv kotibiyati”ning toza ichimlik suvi ta’minoti loyihasi bilan yaqindan tanishdilar. Suv ta’minoti manbalari, ularning texnik imkoniyatlari, ulardan foydalanish va xizmat ko’rsatish sifati, shuningdek, loyihaning kelgusidagi rejalari bilan qiziqdilar, loyiha faoliyati yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tashrif doirasida xonadonlardagi suv ta’minoti va aholiga yaratilgan boshqa shart-sharoitlar bilan bevosita tanishish imkoniyati tug‘ildi. Mazkur tashrif loyihani amalga oshirish guruhi mutaxassislari uchun har jihatdan foydali bo‘lib, ayniqsa, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi suv bilan bog’liq subloyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos tajriba vazifasini o‘tadi.