Jahon banki mutaxassislari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi xodimlari uchun “O‘zbekistonning natijalarga yo‘naltirilgan dasturlari” (PforRs) mavzusida 2 kunlik seminar tashkil etildi.
Unda Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi Kristofer Finch va loyiha menejeri Simon Sottsas, bankning loyihalar portfeli bo‘yicha boshqa mutaxassislari hamda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi xodimlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda davlat dasturlarini samarali moliyalashtirish hamda natijalarga yo‘naltirilgan yondashuvlar bo‘yicha Jahon bankining xalqaro tajribasi muhokama qilindi. Natijalarga asoslangan moliyalashtirish dasturi O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish hisoblanadi. Uning boshqa investitsiya dasturlari va kreditlaridan farqi mablag‘ ajratishda aniq natijalarga asoslanishidir.
“PforR” mexanizmining ahamiyati shundaki, ushbu yondashuv davlat dasturlarini moliyalashtirishda samaradorlik va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi. Dastur natijalarga yo‘naltirilgani bois, davlat xarajatlarining maqsadli va samarali ishlatilishi ta’minlanadi. Seminar ishtirokchilari tomonidan mazkur mexanizmning huquqiy va amaliy jihatlari muhokama qilindi. Uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish maqsadida Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimot bilan tanishildi.