O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4898-son qaroriga muvofiq, Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida, Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur loyiha respublikamizning 5 ta viloyatidagi 300 tadan ortiq mahallalarda infratuzilma muhandislik obyektlarini yangidan qurish va ta’mirlash ishlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu loyiha doirasida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani “Guliston” MFY hududida joylashgan 11-sonli umumta’lim maktabi binosida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Maktab binosi dastlab 1978-yilda qurilgan bo‘lib, 2006-yilda joriy ta’mir o‘tkazilganiga qaramay, ta’mirtalab holga kelib qolganligini inobatga olib aholi tomonidan loyiha doirasida maktab binosini rekonstruksiya qilishga qaror qilingan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasida aholining ehtiyojidan kelib chiqib, ular tomonidan tanlangan subloyihalarni moliyalashtirish belgilangan dastlabki loyihalardan biridir. Loyiha jarayonida mahalla aholisi mablag‘lar taqsimotidan tortib, ishlarning yakunigacha bevosita ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etadi. Qurilish va moliyalashtirish jarayonlari esa vazirlik hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat ostiga olingan.
Amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish maqsadida, tegishli mutaxassislar va mahalliy aholidan iborat ishchi guruh tuzilib, joyiga chiqib qurilish jarayoni bilan tanishildi. O‘rganishlar natijasida, pudratchi tashkilot tomonidan ishlar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq bajarilgani, jarayon davomida aholi va maktab jamoasi talablari inobatga olingan holda loyihaga o‘zgarishlar kiritilib, iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha ishlar bajarilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi (BLAOG)ning “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida har bir mahallada “Murojaatlar va shikoyatlar” qutilari o‘rnatilgan bo‘lib, bu aholiga bevosita va shaffof tarzda murojaat qilish imkonini bermoqda. Shuningdek, BLAOGning https://uzrd.uz/uz/jpiu/ rasmiy sayti, JivoChat platformasi hamda bosh ofisning ishonch telefoni orqali ham aholi bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Quyida maktabning ta’mirdan oldingi va keyingi holatini aks ettiruvchi fotosuratlar ilova qilinadi.