Jahon banki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi mutaxassislaridan iborat jamoa Andijon va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Dastlab Andijon viloyati Shahrixon tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar Jahon banki tomonidan moliyalashtirishi kutilayotgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” 2-bosqich loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilishdi. Shundan so‘ng tumandagi loyihaga kiritilishi mumkin bo‘lgan umumta’lim maktabi bilan tanishildi.
Bundan tashqari, missiya tomonidan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan Marhamat tumanidagi 4-umumta’lim maktabi ham ko‘zdan kechirildi.
Tashrifning 2-kunida Jahon banki va BLAOG xodimlari Farg‘ona viloyatining Quva tuman hokimligi vakillari bilan uchrashishdi. Kunning ikkinchi yarmida Yozyovvon tumanida loyiha doirasida jamoa safarbarligi ishlari tashkil qilingani yuzasidan mahalliy aholi tomonidan taqdimot o‘tkazildi.