Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani “Qo‘riq” MFYda ichimlik suvi tarmog‘ini tortish va ichki yo‘llarni asfaltlash loyihalari aholi uchun foydalanishga topshirildi.
Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy invеstitsiyalar banki kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan ushbu subloyihalar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi tarkibidagi ilk pilot (dastlabki obyektlar) hisoblanadi. 3 yil davomida mazkur subloyihalar mahalliy aholi tashabbuslari asosida saralab olinib, ularga tayyorgarlik ko‘rish va qurilish-ta’mirlash ishlari ko‘makchi hamkor tashkilotlar “CEED” va “Rhythm Plus” kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilgan.
Jami 548 xonadon istiqomat qiluvchi “Qo‘riq” MFYda ichimlik suvini yaxshilashga yo‘naltirilgan subloyiha natijasida hududda 4,8 km suv tarmog‘i tortilib, jami 2900 nafarga yaqin aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi.
Shu bilan birga, “Qo‘riq” mahalla ahli orziqib kutgan yana bir subloyihalardan biri mahalladagi ichki yo‘llarni asfaltlash orqali 6,8 km ichki ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan minnatdor “Qo‘riq” MFY vakillari loyiha tashabbuskorlariga maktub yo‘llashdi.
Xalqning farovon turmush kechirishini ta’minlash, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun infratuzilma obyektlari holatini yaxshilashni maqsad qilgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi orqali respublikamizning Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida bu kabi subloyihalar ishga tushirilishi davom etmoqda.