Joriy yilning 29-avgust kuni Namangan viloyati Pop va Chust tumanlarida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantitish” loyihasi doirasida ijtimoiy soha obyektlari tantanali ravishda aholiga topshirildi.
Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi direktori Zafar Urakov, Chust tumani hokimi Bekzod Hamdamov, Pop tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Qosimov Sherali hamda ko‘makdosh hamkorlar vakillari, mahalla faolari va boshqalar ishtirok etishdi.
Pop tumani “Tepaqo‘rgon” va “Imon ota” MFYda joylashgan 17-sonli (qiymati 2,9 mlrd.so‘m) va 22-sonli (qiymati 2,7 mlrd.so‘m) maktablarga qo‘shimcha 240 o‘rinli bino qurish ishlari yakunlanib aholiga topshirildi. Chust tumani “Tinchlik” MFYda esa 12-sonli maktabda qiymati 3,6 mlrd.so‘m bo‘lgan 610 o‘rinli binoda ta’mirlash ishlari tugatilib aholiga topshirildi.
Aytib o‘tish joizki, ushbu loyihalar aholining xolis istak va talablariga asoslangan holda tanlab olingan. Tadbir mehmonlari va aholi maktablarning yangi binosi va unda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqib juda mamnun bo‘ldilar.
Sifatli bilim va zamonaviy kasblarga o‘rgatishga tayyor maktablar ustoz va o‘quvchilar uchun yanada qulayliklar yaratishi aniq.