“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʻona viloyati Yozyovon tumanida qurilish ishlari davom etmoqda
Fargʻona viloyati Yozyovon tumani “Porloq” MFYda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida qurilish ishlari davom etmoqda.
Ma’lumki, ushbu mahalla aholisi loyiha doirasidagi safarbarlik ishlari davomida “5-toifali ichki yoʻllarni asfaltlash” subloyihasini tanlagan. Bugungi kunda mahalla hududida 10 km asfaltlash hamda yoʻl kesishmalaridagi ariqlarda quvurlar yotqizish ishlari yakuniga yetkazilgan boʻlib kelgusida yoʻl belgilarini oʻrnatish ishlari rejalashtirilgan. Yozyovon tumani “Istiqlol” MFYda esa, mahalla aholisi tomonidan loyiha doirasidagi safarbarlik ishlari davomida “Aholining toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” subloyihasi tanlangan. Bugungi kunda mahalla hududida 10 km transheya qazish, tarmoq tortish, 80 dona suv quduqlarini oʻrnatish rejalashtirilgan. Hozirgacha biobak xonasini qurish, bosimli suv minorasini tayyorlash ishlari bajarildi va qolgan 2 km tarmoq tortish ustida ishlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida bosimli suv minorasini tiklash hamda suv tarqatish inshooti muhofaza maydonini oʻrash ishlari ham oʻz navbatini kutib turibdi.
Qurilish ishlari bevosita qishloq muhandisi A.Nabijonov, Vaqtinchalik mahalla taraqqiyoti guruhi (V-MTG) faollari va monitoring guruhi a’zolari tomonidan nazorat qilinmoqda.