Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Andijon viloyati Paxtaobod tumani Sohil MFYda jamoa safarbarligi ishlari davomida aholi tomonidan "Yangi maktab qurish" subloyihasi tanlab olingan. Hozirda pudratchi – “Zeromax building” MChJ tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalla yoshlari yaqin orada 264 o‘rinli zamonaviy maktabda ta’lim oladilar. E’tiborli jihati, maktabda energo tejamkor texnologiyalar, shuningdek, muqobil energiya manbalari, ya’ni quyosh batareyalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. - “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining eng manzur tomoni, mahalla uchun ajratilgan mablag‘ aholi istagan infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi, mahalladoshlarimizda daxldorlik xissi yuqori, -deydi Sohil mahallasi taraqqiyot guruhi raisi Abduhoshim Abduvaliyev. – Biz, birlashib maktabimiz qurilish jarayonini monitoring qilib boryapmiz. Bu ishlar, ayniqsa, 1-ijtimoiy audit tadbirlaridan keyin jonlandi. Monitoring jarayonlarida ko‘rsatib berilgan kamchilik-xatolar bartaraf etilishi bizga yanada mas’uliyat va ishonch bermoqda. Mahalla taraqqiyoti guruhi tomonidan qurilish maydonida monitoring o‘tkazish bo‘yicha navbatchilik jadvali shakllantirilganligi faollarning ushbu masalaga jiddiy e’tibor bilan yondashayotganligidan dalolat beradi. Darhaqiqat, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Biroq, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasida xato-kamchiliklarga ko‘z yumilmasligi, jamoatchilik nazorati bilan ularni o‘z muddatida bartaraf etilishi esa mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish salohiyatini oshirish samarasi-qimmatini belgilab bermoqda. Shubhasiz, odamlar shaffoflik va oshkoralik asosiy tamoyili bo‘lgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi atrofida birlashmoqda.