Andijon viloyatida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Andijon viloyatining qishloq fasilitatorlari va qishloq muhandislari uchun ko‘makdosh hamkor ACTED (Fransiya)/Yuksalish UMH/Taraqqiyot NNT/ISW (Kanada) konsortsiumi Taraqqiyot NNT vakillarining bevosita ishtirokida Markazlashtirilmagan ichimlik suvi tizimi va sanitariyaga oid ikki kunlik trening o'tkazildi. Treningda jamoa tomonidan o'zini-o'zi mustaqil ravishda boshqara oladigan ichimlik suvi tashkilotini tashkil etish, faoliyat yuritish va boshqarish mexanizmi, tashkiliy tuzilmasi va unda aholining o'rni, ichimlik suvi tashkilotining afzalliklari va muammolar, suv uchun tariflarni belgilash va loyihaning texnik jihatlari kabi mavzular ko'rib chiqildi. Treningni ikkinchi kuni konsortsium tomonidan Farg'ona viloyatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan "O'qchi Obi-Zilol" ichimlik suvi NNTiga tashrif uyushtirildi. U yerda qishloq fasilitatorlari va qishloq muhandislari muvaffaqiyatli sinovdan o'tgan tajriba bilan bevosita tanishib, o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar hamda amalda qo'llash uchun zarur bilim va ko'nikmalarni oldilar.