Hurmatli hamkasblar, xonimlar va janoblar, anjuman ishtirokchilari! Sizni Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining oraliq natijalariga bag‘ishlangan anjumanida ko‘rib turganimdan xursandman. O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan buyon Jahon bankining mutloq a'zosi bo‘lib, 1993-2018 yillar mobaynida turli sektorlarni rivojlantirish maqsadida jami 29 ta, umumiy qiymati 2,7 mlrd. dollarlik hamkorlik loyihalari amalga oshirildi. Hozirgi kunda mamlakatning barcha tizimlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar doirasida Jahon banki bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik Dasturi Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot Strategiyasi bilan uyg‘unlashtirilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Dastur O‘zbekiston Respublikasining inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tishini jadallashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi uchta strategik maqsadlarni o‘z ichiga oladi: 1.Xususiy sektorni rivojlantirish orqali sifatli inklyuziv ishchi o‘rinlarini yaratish. 2.Inson kapitalini rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish. 3.Yashil rivojlanish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash va iqtisodiyotda samaradorlikni va bardoshlilikni oshirish. O‘rnatilgan yaqin hamkorlik, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga e'tibor, shuningdek, Bank rahbariyati va xodimlarining qo‘shma investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish masalalarini tezkorlik bilan hal qilishga tayyorligi Jahon bankini O‘zbekiston Respublikasining muhim hamkoriga aylantirdi. Hozirda Jahon bankining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar soni 28 ta, umumiy qiymati 5,3 mlrd. doll. Loyihalar asosan qishloq xo‘jaligi sohasida (4 ta loyiha, 1,5 mlrd. doll.), byudjetni qo‘llab-quvvatlash (2 ta loyiha, 900 mln. doll.), energetika (3 ta loyiha, 854 mln. doll.), infratuzilma (5 ta loyiha, 938 mln. doll.), ijtimoiy sohada (6 ta loyiha, 396,7 mln. doll.) amalga oshirilmoqda. Turli vazirlik va idoralarning salohiyatini oshirish, ularning faoliyatini tizimlashtirish va raqamlashtirish maqsadida Jahon banki mablag‘lari hisobidan jami 178 mln. doll. 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Hamkorlik Dasturi orqali 2022-2026 yillar oralig‘ida yana umumiy qiymati 1,7 mlrd. dollarga teng loyihalar amalga oshirilishi ko‘rib chiqilmoqda. So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) bilan moliyaviy-texnik hamkorlik ham sezilarli darajada faollashganini qayd etish mumkin. Jumladan, qishloq infratuzilmasini, suv ta'minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash, avtomobil' yo‘llarini qayta ta'mirlash, sog‘liqni saqlash va energetikani rivojlantirish sohalarida umumiy qiymati 2,8 mlrd. dollarga teng bo‘lgan 14 ta loyihadan iborat investitsiyalar portfeli, Markaziy Osiyo mamlakatlarida OIIB loyihalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ekanligini katta mamnuniyat bilan e'tirof etish mumkin. Xususan, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida jami 5 ta, ya'ni Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 21 ta tumanidagi 306 ta qishloqlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Loyihaning umumiy qiymati 183,6 mln. dollarni tashkil etib, shundan 100 mln. dollari Jahon banki, 82 mln. dollari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va 1,6 mln. dollari O‘zbekiston Respublikasi ulushi hisoblanadi. Bugungi kunda, Loyiha doirasida 176 ta MFYda jamoa safarbarligi ishlari yakunlandi. Shundan 101 ta subloyihalarni loyihalash jarayoniga o‘tildi, 19 ta ob'ektda qurilish ishlari va 50 ta ob'ekt uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tender jarayonlari ketmoqda. Yil yakuniga qadar jami 196 ta ob'ektlarning qurilish-ta'mirlash ishlari yakunlanib, aholi va jamoatchilik foydalanishi uchun taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning boshqa loyihalardan ajralib turadigan jihati unda amalga oshiriladigan subloyihalar aholi va jamoatchilik fikri va tanlovi asosida amalga oshiriladi. Bunda, hozirda 2 ta xalqaro ko‘makdosh kompaniyalar (hamkorlar) 80 ga yaqin mutaxassislardan iborat jamoa bilan qishloqlarda aholi safarbarligi doirasida turli xil o‘rganishlar, tadbirlar o‘tkazib aholining muammo va takliflarini o‘rganishmoqda. Loyihaning kelgusi bosqichlarida yanada kompleks yondashuv mexanizmlari asosida ishlarni tashkil etish, masalan, qishloqlarda yashovchi aholini tadbirkorlikka o‘rgatish hamda uning daromadini oshiruvchi omillarni inobatga olish va boshqalar. Shu bilan birga, Mazkur loyihaning davomi sifatida bugungi kunda yana boshqa hududlar va qishloqlar ham qamrab olinmoqda. Bugungi anjuman doirasida yig‘ilishimizdan asosiy maqsad, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan Loyihamizning pirovard maqsadi – davlatimiz va jamiyatimizning barcha soha va yo‘nalishlarida “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tadbiq etishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari hamda hududlarda bazaviy infratuzilmani rivojlantirish uchun mo‘ljallangan dasturlarda aholi va jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha doirasida qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi ta'minoti, elektr ta'minoti inshootlarini, yo‘l-transport infratuzilmasini, ijtimoiy soha ob'ektlarini barpo etish, hududlarni kompleks rivojlantirish va ular orqali aholining turmush darajasini ko‘tarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot beriladi va muloqot o‘rnatiladi. O‘ylaymanki, bugungi anjuman doirasida barcha ishtirokchilar yaqindan muloqot o‘rnatib, Loyihani takomillashtirish, unga doir yo‘nalishlarda fikr va tajriba almashuvi, zamonaviy mexanizmlar yaratilishiga erishiladi. Natijada, biz olib borayotgan faoliyatimiz samarasi o‘sishiga ishonaman. Hamkorlarimiz – Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar bankiga Respublikamizda kambag‘allikni qisqartirish va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish sohasida islohotlarni amalga oshirish va O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda ko‘rsatayotgan hamkorlik uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bundan tashqari, Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilib kelinmoqda. Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, umumiy qiymati 338,0 mln. dollarni tashkil etadi. Shundan, 200,0 mln. dollar Islom taraqqiyot banki va 75 mln. dollari OPEK jamg‘armasi kredit mablag‘lari, 3,05 mln. dollari (grant) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va 59,95 mln. dollari O‘zbekiston Respublikasi ulushi hisoblanadi. Bugungi tadbir davomi sifatida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish vazirligi va BMTTD o‘rtasida Hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu loyiha Hukumat tomonidan olib borilayotgan sa'y-harakatlarni Islom taraqqiyot banki va BMTTDning Orol bo‘yi aholisining turmush sharoitini yaxshilash hamda resurslardan munosib foydalanishni ta'minlashga qaratilgan aniq yechimlarni amalga oshirishda birlashtirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi degan umiddaman. Ma'lumot uchun, Hamkorlik kelishuvi doirasida jami 8,05 mln. dollar, shundan, 3,05 mln. dollar BMTTDning parallel moliyalashtirish orqali grant va 5 mln. dollar kredit mablag‘lari jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘lar, jamoa safarbarligi aholining muammolarini o‘rgangan holda dasturlarni shakllantirish, mahalliy hokimlik organlari va mutasaddi tashkilot vakillariga o‘quv-seminarlar, zamonaviy va chet el tajribasi o‘qitilishi ko‘zda tutilgan. E'tiboringiz uchun tashakkur! (8-iyun 2022 yil, Toshkent shahri)