Joriy yilning 8-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi tomonidan tashkil etilgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va oraliq natijalariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda xalqaro moliya institutlari, tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilot mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlar, blogerlar va ommaviy axborot vosita vakillari ishtirok etdi. Loyiha 5 ta viloyatda (Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo) amalga oshirilib, 183,6 mln AQSh dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi, 306 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1,3 mln aholini qamrab olishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu hududlarda subloyihalarni tanlash jarayonida aholining bevosita ishtiroki ta'minlanadi. “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida qishloq va mahalla aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minoti, elektr ta’minoti inshootlarini, yo‘l-transport infratuzilmasini, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish, hududlarni kompleks rivojlantirish va ularning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash orqali aholining turmush darajasini ko‘tarish asosiy maqsad qilib olingan. Shuningdek, Loyiha doirasida oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi orasida ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish maqsadida, horijiy konsul'tantlar va maxalliy ekspertlarni jalb qilgan holda ayollarni salohiyatini oshirish, ularni yetakchilik qobiliyati, hamda jamiyat hayotida faol ishtirokini ta'minlash mavzusida o‘quv-treninglar tashkil etiladi. “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi quyidagi ishlarni amalga oshiradi: • 622 ta ijtimoiy obyektlar (301 ta umuta’lim maktabi, 240 ta maktabgacha ta’lim va 81 ta tibbiy muassasalari) ni ta’mirlash; • 1 642 km toza ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash va yangilarini barpo etish. Bundan tashqari 306 ta suv inshootlarini ta’mirlanash va yangilarini qurish; • 1 174 km elektr ta'minoti tarmoqlarini ta’mirlash, 1 116 dona transformatorlar hamda 33 231 ta tayanch ustunlarini yangilariga almashtirilishi; • 100 km ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqalar. Tadbir yakunida ishtirok etgan barcha ishtirokchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari anjuman ma’ruzachilariga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Anjuman keng auditoriyaga loyihaning borishini yoritib bergan bo‘lib, loyihani amalga oshirishning shu kungacha erishilgan natijalarini birlashtirishga hamda yangi subloyihalarni amalga oshirish orqali loyihani hududiy kengaytirishga zaxira yaratish uchun samarali maydonga aylandi.