Joriy yilning 22 dekabr kuni “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi Jahon bankining navbatdagi missiyasi yakunlariga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Loyiha direktori Zafar Urakov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboev, Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha bosh mutaxassisi Robert Vrobel, Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Tlepova, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi Ijtimoiy barqarorlik va global inklyuziv amaliyoti bo‘yicha menejeri Varalakshmi Vemuru, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yordamchisi Yelena Klementyeva, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rahimjan Asangaziev va Osiyo infratuzilma investitsiya bankining atrof-muhitni muhofazasi bo‘yicha mutaxassisi Jiksi Ju xonimlar ishtirok etishdi. Yig’ilish davomida O‘zbekistonda ijtimoiy tenglikni ta’minlash orqali kambag‘allik darajasini qisqartirish, keyinchalik aholi daromadlarini oshirishga doir qator masalalar, hamda 2022-2027-yillarda yangi milliy taraqqiyot strategiyasi muhokama qilindi. Muhokama qizg’in ruhda bo’lib, tomonlar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlarini, Loyihani yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini, ikkinchi bosqichini moliyalashtirish jarayonini, shuningdek, xarid qilish tartib-taomillariga oid masalalarni belgilab oldilar. Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.