Joriy yilning 25 oktyabridan boshlab Jamoa safarbarligi bo'yicha xalqaro eksperti Brigitta Bode xonimning “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi qamrovidagi qishloqlarga ishchi tashrifi boshlandi. Ishchi guruh tarkibiga Loyihaning markaziy ofisi mutaxassislari hamda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining qishloq fasilitatorlari ham kiradi.
Ekspertning tashrifidan maqsad - aholi bilan olib borilayotgan safarbarlik ishlari natijalarini baholashdan iborat. Buning uchun ishchi tashrifning birinchi kunida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi “Muqumiy” va “Boboyurt” mahalla fuqarolar yig‘inining Taraqqiyot guruhi a’zolari, mahalliy aholi vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, Loyiha doirasida mahalla fuqarolar yig‘ini uchun uyushtirilgan safarbarlik bo’yicha tadbirlarda, ularning salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qishloq aholisi faol ishtirok etgan.
Uchrashuvlar yakunida ishchi guruh vakillari hamda aholi tomonidan Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlilini o‘tkazildi hamda Loyihaning keyingi bosqichlari bo‘yicha takliflar eshitildi.
Ma’lumot uchun: Jamoa safarbarligi bo'yicha xalqaro ekspert, Dr.Brigitta Bode, 15 dan ortiq mamlakatlarda ijtimoiy safarbarlik, rejalashtirish va byudjetlashtirish bo‘yicha 25 yillik tajribaga ega.