Joriy yilning 8 sentabr kuni Jahon bankining Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi janob Robert Vrobel hamda Jahon bankining Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha mutaxassisi Gulrano Tlepovaning Jizzax viloyati Baxmal tumaniga tashrifi doirasida “Baxmal” mahallasida zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirildi. Ko‘prikning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Baxmal tumani hokimi Musa Anarboyev, Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi direktori Zafar Urakov, shuningdek, Baxmal qishlog‘i aholisi ham ishtirok etdi. Uzunligi 32 metr, eni 9 metr boʻlgan ushbu koʻprik Jahon banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalari bankining 1 371 110 641 soʻm mablagʻi hisobidan qurilgan. Jahon bankining Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi janob Robert Vrobel ko‘prikning ochilish marosimida so‘zga chiqib, ushbu subloyihani amalga oshirishda mahalliy aholi ishtirokining muhimligini, shuningdek, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi tamoyillarining Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishda, ya’ni aholi o‘z muammolarini ochiq aytishi, birgalikda hal etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilishi davrida dolzarbligini ta’kidladi.