Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik kuni bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishdagi ma'ruzalarida 2026 yilgacha eng avvalo e'tibor qaratiladigan 5 ta asosiy sohani sanab, birinchi navbatda ta'lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom ettirilishi, buning uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqilishini bildirdilar. Mamlakatimizda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqini tobora kuchaytirishga, o‘qituvchilik kasbining obro‘sini tiklash va oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bugun, 8 - sentyabr' kuni Baxmal tumanidagi Saroy mahallasi hududida joylashgan 86-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi (sobiq 30-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi filiali) jamoasi uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan hamda Jahon banki va Osiyo Infratuzilmaviy Investisiyalari banki tomonidan 5,8 mlrd so‘m qiymatida moliyalashtirilgan 220 o‘rinli o‘quv binosi mukammal ta'mirdan chiqarildi. Butunlay yangicha qiyofa kasb etgan maktab binosining ochilish marosimida Jahon bankining Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha katta mutaxassisi janob Robert Vrobel, Jahon bankining Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha mutaxassisi Gulra'no Tlepova, Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish rahbari Zafar Urakov, Baxmal tumani hokimi M.Anarbaev ishtirok etishdi. Shuningdek tadbirda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida ushbu maktab o‘quvchilari uchun o‘tkazilgan “Saroy mening tasavvurimda” nomli ijodiy tanlov g‘oliblari Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish rahbari Zafar Urakov tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.